QUTIRISH KASALLIGI VA UNGA QARSHI KURASHISH CHORA-TADBIRLARI
QUTURISh KASALLIGI VA UNGA QARShI KURAShISh ChORA-TADBIRLARI
Quturish - o’ta xavfli o’tkir o’tuvchi virus kasalligi bo’lib, asab tizimining og’ir jarohatlanishi bilan xarakterlanadi va oqibati albatta o’lim bilan yakunlanadi. Odam, hamma turdagi sut emizuvchi issiq qonli hayvonlar bu kasallik bilan kasallanadi. Kasallikni filtirlanuvchi neyrotrop virus keltirib chiqaradi. Virus kasal hayvonning bosh miyasida ko’payadi va so’lagi orqali tashqi muhitga chiqadi.
Ushbu kasallik dunyoning 150 dan ortiq mamlakatlarida qayd qilinib, undan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida xar yili 66 mingdan ziyod, faqat Indiyada 30 ming odam o’ladi. Demak, dunyoda har kuni 180 kishi, 8 daqiqada 1 kishi quturish tufayli olamdan o’tadi. Yer yuzida 1 mln boshga yaqin har turli hayvonlar o’lishi kuzatiladi. Odamlarning 96% i itlar orqali kasallanadi.
Kasallik qo’zg’atuvchisi manbai bo’lib, asosan yovvoyi hayvonlar hisoblanadi va ular kasallik virusini tabiatdagi barqarorligini ta’minlaydi. It va mushuklar esa ko’pincha kasallikni tarqatuvchi manbalar hisoblanadi.
Quturish kasalligi eng sezgir tulki, bo’ri, kalamush va sichqonlar, yuqori sezgir - mushuk, og’maxon, ko’rshapalak, sassiq kuzan, quyon, dengiz cho’chqalari hamda o’rtacha sezgir - it, ot, qo’y, echki, maymun va odamlar hisoblanadi. Ushbu kasallikka eng past sezgir parrandalar. Sovuq qonli jonivorlar quturmaydi.
Yosh hayvonlar, yoshi kattaroq hayvonlarga nisbatan kasallikka moyilroqdir. Virus qonda, siydik va sutda bo’lmaydi, asosan bosh va orqa miya xujayralarida hamda so’lakda bo’ladi. Kasallik asosan quturgan hayvon tishlaganda so’lagi orqali yuqadi. Bu yerda shuni ta’kidlash joizki, virus kasallikning yashirin davrida, ya’ni unga xos klinik belgilar namoyon bo’lmasdan 10 kun oldin quturadigan hayvonning so’lagida bo’ladi. Shuning uchun kishilarni va sog’lom hayvonlarni it, mushuk, tulki, bo’ri, chiyabo’ri yoki kalamush, sichqon kabi kemiruvchilar tishlasa, ularda quturish alomatlari ko’rinishidan qat’iy nazar tishlanganlar albatta quturish kasalligiga qarshi vaksina bilan emlanishi shart. Odam va hayvonlarni tishlagan it, mushuk yoki boshqa hayvonlar maxsus it ushlash brigada xodimlari tomonidan ushlanib veterinariya muassasasiga kasallik belgilarini kuzatish uchun keltiriladi. U yerda 10 kun davomida kuzatish olib boriladi. Agar shu davrda quturishga gumon qilingan it yoki mushukda hyech qanday kasallik alomatlari aniqlanmasa, ular quturishga qarshi emlanib, egasiga qaytariladi. Shu kuzatilayotgan davrda xayvon quturib o’lsa, u darhol terisi bilan yoqiladi. Odamni kalamush yoki sichqon singari kemiruvchilar tishlasa ham u quturishga qarshi vaksina olishga majbur.
Organizmga virus so’lak orqali kirgan vaqtdan boshlab, to kasallik belgilari paydo bo’lganga qadar o’tgan davr kasallikning yashirin davri hisoblanadi. Bu vaqt asosan 2-6 haftagacha, ayrim paytlarda 10-12 oygacha davom etadi. Bu davr virusning kasallik qo’zg’atish qobiliyatiga, hayvonning individual chidamlilik omillariga, yoshiga va virus kirgan joyga bog’liq. Bosh miyaga yaqin joyga virus kirgan va organizm yosh bo’lsa kasallikning yashirin davri qisqaroq bo’ladi.
Quturish virusi tashqi muhit sharoitlariga nisbatan chidamli. Issiq harorat (70°S dan yuqori) virusni darhol faolsizlantiradi. Sovuqda (0°S dan past) virus o’z faolligini uzoq saqlaydi, 1-5 % li formalin, 3-5% li fenol, 10 % li yod damlamasi va 1 % li kaliy permanganati 10-20 daqiqada virusni faolsizlantiradi. Shuning uchun quturgan xayvon tishlagan joyni kuchli sovun eritmasi bilan yaxshilab yuvish va keyin birorta dezinfektor bilan ishlov berish tavsiya etiladi. Ammo, bu tadbir hayvon yoki odamni quturishdan butunlay himoya qilmaydi, jarohat joyidagi virus miqdorini kamaytiradi xolos.
Ushbu kasallikda fasl ham katta rol o’ynaydi: kuz, qish va bahorda quturish ko’payadi, chunki yovvoyi hayvonlar kuzda bolalarini mustaqil hayotga yuboradi va ular kuyga keladi. Tulkilarda bug’ozlik davri 51-56 kun, bo’rilarda 59-62 kun davom etadi. Odatda ular kuzning oxiri va qishda tug’adilar. Shuning uchun ham qishloq xo’jalik hayvonlarini, ayniqsa itlarni kuz faslida, ya’ni quturishning tarqalish imkoniyati boshlanish davrida emlashga erishish zarur.
Quturish kasalligi hayvonlarda 3 xil: shiddatli, falajli va tinch shakllarda kechishi mumkin. Itlarda kasallik ko’proq shiddatli shaklda kechadi. Unda 3 ta bosqich kuzatiladi. Boshlang’ich bosqich 12 soatdan 3 kungacha davom etadi. Bu paytda itning xulqi o’zgaradi, qorong’u bino burchaklarini tanlaydi, ko’p yalanadi, ovoz, shovqindan qo’rqadi, qattiq huradi, yo’q pashshani ushlamoqchi bo’ladi, ishtahasi buziladi, latta, xas, yog’och kabi narsalarni yemoqchi bo’lib ularni yutishga harakat qiladi. Tishlangan (virus kirgan) joy qichiydi. So’lagi ko’payadi, yutinish qiyinlashadi, xirillab hura boshlaydi va asta-sekin asabiylashish bosqichiga o’tadi. Bu bosqich 2-3 kungacha davom etadi. It asabiylashish davrida hayvonlarga, odamlarga, hattoki egasiga ham hujum qiladi. Ularda qo’rquv yo’qoladi, hamma narsani tishlayveradi, ovozi xirillaydi, uzoqlarga qochishga harakat qiladi, charchab yotadi, sababsiz qattiq hurib hayajonlanadi. Keyin falaj bosqichiga o’tadi. Bu bosqichda quturgan itning tomoq va pastki jag’ida falaj boshlanishi oqibatida u og’zini yopolmaydi, pastki jag’i osiladi, so’lagi yerga oqadi. Falajlik avval tomoq go’shtlarida, pastki jag’da, keyingi oyoqlarda boshlanib, so’ngra oldingi oyoqlarda kuzatiladi. Odatda bu bosqichda quturgan hayvon nobud bo’ladi. Bu yerda shuni ta’kidlash joizki, ko’pincha it quturib, yog’och, suyak kabi narsalarni yutmoqchi bo’lib yutinadi, ammo muskullarida falajlik boshlangani tufayli u narsalar tomog’iga tiqilib qoladi. Egasi buni bilmasdan tomog’ida biror narsa qolgan deb uni olmoqchi bo’ladilar. Bunday holatda albatta itni veterinariya mutaxasisiga ko’rsatish zarur. Bu bosqich ham 1- 3 kungacha davom etadi.
Itlar agar tulkidan zararlangan bo’lsa, kasallik tinch shaklda, asabiylashmasdan o’tadi. Ularda so’lak oqish, qiynalib yutinish kuzatiladi. Tomoq muskullari falajligi natijasida pastki jag’i osilib qoladi, oyoq, tana muskullarida falajlik belgilari bilan quturgan it o’ladi. Kasallik atipik o’tsa, itlarda aggressivlik kuzatilmaydi.
Mushuklarda esa kasallik ko’proq holatda aggressiv o’tadi.
Qoramol, qo’ylarda ko’proq tinch shakl kuzatiladi. Katta qorin atoniyasi, yutinishni qiyinlashuvi, so’lak oqish va oyoqlarda falajlik kuzatiladi. Qoramollarda aggresiv shakl kuzatilganda, itga tashlanadi, ipni uzmoqchi bo’ladi, bo’kiradi, oyog’i bilan yerni kavlaydi, devorni, to’siqlarni shoxlaydi. So’lak oqish, terlash, soxta siyish yoki defekasiya qilish pozasida turish, jinsiy uyg’onish kuzatiladi. Qoramol va qo’ylarda tez falaj boshlanadi.
Hayvonlarning quturish kasalligiga diagnoz klinik belgilarga, epizootologik ma’lumotlarga va albatta laboratoriyaviy tekshirish natijalari asosida qo’yiladi.
Laboratoriyaga tekshirish uchun kichik hayvonlarning aynimagan murdasi, katta hayvonlarning (qoramol, ot, eshak, qo’y, echki, it, tulki va boshqalar) boshi sellofanga yaxshilab o’ralgan, suyuqlik oqmaydigan qilib joylashtirilgan konteynerda yoki termochemodanda sovuq holatda (muz, quruq muz) yo’llanma xat bilan olib boriladi. Tekshirish uchun faqat aynimagan miya yuboriladi.
Murdani ochish, miyani ajratib olish kabi ishlar steril sharoitda, shaxsiy profilaktika qoidalariga qattiq amal qilgan holda bajariladi. Bu tadbirlar o’tkazilayotgan vaqtda veterinariya mutaxassisi maxsus himoya vositalaridan (xalat, rezin etik, fartuk, anatomik qo’lqop, ko’z oynak, maxsus niqob foydalanishi shart.
Laboratoriya diagnostikasi miyadan tayyorlangan surtmada Babesh-Negri kiritmalarini oddiy yorug’lik mikroskopida, lyuminessent mikroskopida immunofluoressensiya reaksiyasi, immunoferment taxlili usulida yoki immunodiffuziya reaksiyasida virus antigenini ko’rishga hamda albatta yosh oq sichqonlarda biosinov qo’yishga asoslangan. Immunofluoressensiya reksiyasi usuli uchun zarur bo’lgan reagentlar komplekti samarali ishlasa va u yuqori malakali mutaxassis tomonidan bajarilsa, uning natijasi 99-100 % holatda biosinov natijalariga mos keladi. Biosinov natijasi bo’yicha yakuniy diagnoz qo’yiladi.
Tekshirish natijalari darhol tuman (shahar) bosh veterinariya vrachiga, sanitariya-epidemiologiya markazi vakiliga va xo’jalik yoki shu aholi punktiga xizmat qilayotgan veterinariya mutaxassisiga xabar etilishi zarur.
Quturish kasalligining oldini olish tadbirlari quyidagi ishlarni bajarishni talab etiladi. Avvalo xonadondagi kishilarning eng yaqin do’sti hisoblanmish itlar va mushuklarni to’g’ri saqlash qonun-qoidalariga rioya qilishdan boshlanadi. Bu yerda shuni ta’kidlash joizki, quturish virusini tabiatda barqarorligini ta’minlovchi yovvoyi hayvonlar qishloqlarga yaqinlashganda dastlab ular itlarga, ayniqsa daydi itlarga duch keladi. Shuning uchun itlar, shu jumladan daydi itlar quturishga emlangan bo’lsa, ularda ushbu kasallikka qarshi immunitet shakllanadi. Yovvoyi hayvonlar tomonidan tishlangan itlarda immunitet bo’lganligi sababli ular quturmaydi, ya’ni epizootik jarayon sodir bo’lmaydi.
Quturish kasalligini oldini olish quyidagi tashkiliy xo’jalik va maxsus tadbirlaridan tashkil topadi:
- tabiatda yovvoyi yirtqich hayvonlar sonini tartibga solish hamda qishloq xo’jalik va uy hayvonlarini, ularning hujumidan qo’riqlash uchun ovchilar jamiyati va o’rmon xo’jaligi xodimlari bilan hamkorlikda tulki, bo’ri, chiyabo’ri va boshqa yovvoyi hayvonlar sonini 10 kv2 maydonda 1-2 boshdan oshmasligiga erishish, ularning fe’lini o’zgarishi yoki kasallanishiga gumon qilinganda yoki murdasi topilsa darhol veterinariya mutaxassislariga xabar berish zarur;
- tumanlar obodonlashtirish bo’limlarida faoliyat yuritayotgan maxsus it ushlash brigadalari xodimlari quturish bo’yicha nosog’lom punktlarda ushbu kasallikni tarqatuvchi daydi it va mushuklarni yo’qotish tadbirlarini amalga oshirishi lozim. Egalik itlarni va mushuklarni ushbu hududga xizmat qilayotgan veterinariya mutaxassislari mahalla fuqarolar yig’ini, mahalla qo’mitalari va ichki ishlar bo’limi xodimlari bilan hamkorlikda albatta ro’yxatdan o’tkazish hamda quturishga qarshi vaksinasiya qilish tadbirlarini o’tkazish talab etiladi;
- aholi yashash joylarida it, mushuk va boshqa hayvonlarni saqlash qoidalariga qattiq rioya qilish kerak. Xo’jalik, korxonalardagi foydali va egali itlar, shuningdek ov itlari ham ko’chada, istirohat bog’larida, bozor va oromgohlarda tumshuqbog’siz va ip bilan bog’lanmagan holda egasiz yursa, daydi hisoblanib ushlanishi va veterinariya mutaxassisi nazoratida bo’lishi zarur.
- boshqa viloyat va tumanlarga it sotish va olishda, ularni tashishda albatta uning sog’ligi va quturish kasalligiga qarshi emlanganligi to’g’risida ma’lumot veterinariya guvohnomada qayd etilgan bo’lishi kerak;
- xo’jalik, korxona rahbarlari va fuqarolar o’z vaqtida it, mushuklarni mahalliy veterinariya mutaxassislari ko’rigidan o’tkazishi, quturishga qarshi vaksina bilan emlanmagan itlarni umuman hovlidan tashqariga podaga, suruvga chiqarmaslik choralarini ko’rishi shart;
- qishloq xo’jalik va uy hayvonlarini kasallikka gumon qilingan it, mushuk yoki yovvoyi hayvonlar tishlagan holda hayvonlarning egasi darhol shu xududda xizmat qilayotgan veterinariya mutaxassisiga xabar berishi hamda tishlangan va tishlagan hayvonlarni alohida saqlash tadbirlarini bajarishi zarur;
- hayvonlar o’rtasida quturish kasalligi aniqlanganda va ular biror hayvon yoki odamni tishlagan bo’lsa tuman veterinariya bosh noziri darhol u haqda yuqori veterinariya tashkilotiga, tuman sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi xodimlariga xabar berishi shart.
Hozirgi vaqtda Veterinariya ilmiy tadqiqot institutida yovvoyi xayvonlarni, daydi it va mushuklarni profilaktik emlash uchun donador xamirsimon antirabik vaksina ishlab chiqilgan va samaradorligi tajribalarda sinovdan o’tgan.
Quturish kasalligining maxsus oldini olish tadbirlari birinchi navbatda barcha tur korxonalardagi, suruvdagi foydali itlarni, aholiga tegishli it va mushuklarni hamda daydi itlarni quturishga qarshi o’z vaqtida vaksinasiya qilishni o’z ichiga oladi. Bu yerda shuni ta’kidlash joizki, quturish virusini tabiatda barqarorligini ta’minlovchi yovvoyi hayvonlar qishloqlarga yaqinlashganda dastlab ular itlarga, ayniqsa daydi itlarga duch keladi. Shuning uchun itlar, shu jumladan daydi itlar quturishga emlangan bo’lsa, ularda ushbu kasallikka qarshi immunitet shakllangan bo’ladi. Yovvoyi hayvonlar tomonidan tishlangan itlarda immunitet bo’lganligi sababli ular quturmaydi, ya’ni epizootik jarayon sodir bo’lmaydi. Kasallik tarqalishining oldi olinadi.
Quturish kasalligi biror manzilda hayvonlar orasida aniqlangan vaqtda u xududdagi barcha turdagi quturgan, kasallikka gumon qilingan hayvonlar hamda emlanmagan daydi itlar, mushuklar yo’qotiladi. Bundan faqat hayvonlarni yoki odamni tishlagan hayvonlar mustasno. Kasallik chiqqan ferma, poda yoki xududdagi barcha turdagi sog’lom hayvonlar quturish kasalligiga qarshi ro’yxat asosida antirabik vaksina bilan emlanadi. Tishlangan hayvon 3 kun orasida vaksina bilan emlanishi shart.
It va mushuklarni tartibli saqlash, daydilarini esa yo’qotish yo’li bilan bu og’ir va murakkab muammoni Norvegiya, Shvesiya, Daniya, Gollandiya, birmuncha keyinroq Angliya, Vengriya, Bolgariya va Polsha kabi mamlakatlar muvaffaqiyatli hal etishga erishgan.
Hozirgi vaqtda Veterinariya ilmiy tadqiqot institutida yovvoyi xayvonlarni, daydi it va mushuklarni profilaktik emlash uchun takomillash-tirilgan donador antirabik vaksina ishlab chiqilgan va samaradorligi tajribalarda sinovdan o’tgan. Vaksina tarkibida go’sht va un bo’lgani uchun go’shtxo’r hayvonlar och qoldirilmasa ham yeydi.
Har yili quturishga qarshi oylik e’lon qilish va usha davrda barcha it va mushuklarni ro’yxatdan o’tkazish vaqtida antirabik vaksinasiya o’tkazish, daydi it va mushuklarni yo’qotishga alternativ chora sifatida, ularni VITI da yaratilgan takomillashtirilgan donador antirabik vaksina bilan emlashni tashkil etish ushbu kasallik bo’yicha barqaror sog’lom epizootik holatni barpo etishni ta’minlaydi. Xulosa o’rnida shuni ta’kidlash joizki, quturish kasalligini oldini olishda va unga qarshi kurashishda veterinariya mutaxassislari bilan birgalikda xokimiyat, tibbiyot, ichki ishlar, obodonlashtirish boshqarmasi, ovchilar jamiyati, o’rmon xo’jaligi xodimlari, mahalla qo’mitalari va butun jamoatchilik faol xizmat ko’rsatsagina, ushbu tadbirlar yuqori samara beradi.
X.S.Salimov,
veterinariya fanlari doktori,
professor - VITI

