SIGIRLARDA BUZOQ OLISHNI KO'PAYTIRISH OMILLARI

Chorvachilikni rivojlantirish va chorva maxsuldorligini oshirishning asosiy shartlari sigirlardan unumli foydalanish, qisirlikni oldini olish, qisir qolishga yo’l qo’ymaslik, urug’lanish miqdori va sifatini oshirish, otalanishni ko’paytirish hamda yosh buzoqlarni saqlash tadbirlarini yo’lga qo’yishdan iboratdir. Oziqlantirishni yaxshilash bilan bir qatorda xo’jaliklardagi chorvachilik ishlarini yuritishni takomillashtirish, shuningdek ilg’or fan yutuqlaridan keng foydalanish evaziga mol tuyog’ini birmuncha ko’paytirish hozirgi kunning asosiy vazifalaridan biridir.
Statistik ma’lumotlarga ko’ra podani qayta to’ldirish talabga to’la javob bermayapti. Bu fermer xo’jaliklari va tumanlardagi chorva mutaxassislarining ishni yaxshi tashkil etmayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga podani qayta to’ldirishni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun pushtsizlik va qisir qolishga yo’l qo’ymaslik zarur.
Aslida bunday holat hayvonlarni sifatsiz yoki to’yimliligi past bo’lgan ozuqa bilan oziqlantirish, yomon parvarish qilish, noto’g’ri saqlash va foydalanish, sun’iy qochirishni e’tiborsiz tashkil qilish yoki bu jarayonda yo’l qo’yilgan kamchiliklardan kelib chiqadi. Shuningdek, jinsiy a’zolarning tug’ruq va tug’ishdan keyingi davrda paydo bo’ladigan turli kasalliklar oqibatida ham pushtsizlik kuzatiladi.
Sigirlar qisir qolishiga qarshi kurashishda yuqori natijaga erishish uchun kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.
Bunda asosiy vazifalar quyidagilardan iborat: hayvonlarga mustahkam, yuqori sifatli ozuqa bazasini yaratish va to’yimli oziqlantirish, jinsiy a’zolarda uchraydigan infeksiyalarni yo’qotish, sigir va tanalarning ginekologik kasalliklarini yangi dori-darmonlar va usullar yordamida o’z vaqtida davolash, sun’iy qochirish punktlarini zamonaviy jihozlash, sigirlar holatini muntazam veterinariya kuzatuvidan o’tkazish.
Sigirlarni qisir qolishiga olib keladigan sabablarni oldini olishda quyidagi chora-tadbirlarni o’z vaqtida sifatli bajarib borish zarur:
- sigirlarni tug’ishga ikki oy qolganida to’yimli ozuqalar bilan boqish juda muhim, chunki bu davrda sigir organizmida oqsil, qand, kalsiy, uglevodlar, mineral tuzlar almashinishi o’zgaradi. Sigirlar tuqqandan keyingi dastlabki davrda shu moddalar miqdori kamayadi. Ayniqsa, qish va erta bahorda ozuqa rasioni molning hayoti uchun zarur bo’lgan vitaminlarga, makro-mikroelementlarga boy bo’lmog’i lozim, chunki ular jinsiy a’zolar faoliyatini rag’batlantirishga xizmat qiladi;
- har bir ferma veterinariya-sanitariya talablari asosida qurilgan bo’lishi, alohida tug’ruqxona, qochirish punktiga ega bo’lishi lozim. Unda manej, laboratoriya va asbob-uskunalarni yuvib tozalaydigan xonalar bo’lishi kerak;
- yangi tug’ilgan buzoqlar 2-3 kun davomida onasi bilan birga saqlanishi va og’iz sutiga to’ydirilishi kerak. Shunday qilinganda buzoqlar sog’lom bo’lib, kasallanmaydi.
- sigirlar tug’ruqxonada ilk bor ginekologik tekshirishdan o’tkazilishi lozim va tug’ishdan 3-5 kun o’tishi bilan kuniga 3-5 km yurishga (masion) majbur qilinishi kerak. Bu ishlarni ko’ngildagidek tashkil qilish sigirlar sog’lig’iga va ularni tuqqandan keyin bachadonini o’z holiga qaytishiga hamda tez kuyga kelishiga ijobiy ta’sir qiladi;
- qochirilgan sigirlar bir oy davomida qayta kuyga kelmasa, bo’g’oz bo’lgan deb hisoblanib, navbatdagi sut ishlab chiqarish guruhiga o’tkazilishi lozim;
- tug’ishdan keyin 60 kun davomida kuyga kelmagan sigirlar ajratilib, veterinar va sun’iy qochiruvchi mutaxassis tomonidan birgalikda buning sababi aniqlanadi, davolash tadbirlari o’tkaziladi;
- mikroiqlim mo’tadil bo’lmasa, binoda yorug’lik, harorat, namlik yetarli bo’lmasa va ammiak, singari zaharli gazlar me’yoridan ortiq bo’lsa, havo harakatining tezligi oshsa va boshqa sabablar tufayli sigirlarning kuyga kelishi va otalanishi keskin kamayadi.
Qoramollarni qisir qolishini oldini olish tadbirlarini muvaffaqiyatli o’tkazish uchun, avvalo qisir qolishning sabablarini aniqlash kerak hamda ginekologik kasalliklarni davolashda zamonaviy usullardan foydalanish lozim.
Fermalarda sigirlarni urchitish va ular zotini yaxshilashga jiddiy to’siq bo’ladigan omillardan biri chorvachilik fermer xo’jaliklarida qoramollar orasida trixomonozi, vibriozi, kampilobakteriozi va boshqa surunkali kasalliklarning mavjudligidir. Bu kasalliklar xo’jaliklarda bartaraf etilmasa, hayvonlarda naslchilik ishlarini yaxshilab bo’lmaydi. Shuningdek, mollarni urchitish va sog’lom nasl olishda chorvachilik fermer xo’jaliklarida rejali ravishda ginekologik kasalliklar bor-yo’qligiga tekshirishlar asosida zarur chora-tadbirlar belgilash muhim. Ilmiy va amaliy tajribalar natijalariga ko’ra, sigirlar tuqqandan keyin bir oy vaqt o’tgach qochirilsa, har 100 bosh sigirdan 110 boshgacha, ikki oylik vaqtida qochirilsa – 103 gagacha, 80 kunda 97 bosh, 100 kungacha qochirilganda – 91 ta, 120 kunda qochirilganda – 85 ta sog’lom buzoq olish mumkin.
Sigirlarni 30 foizgacha kuyga kelish muddati 6 soatga to’g’ri keladi, 22 foiz sigirlarni kuyga kelish davri kechki paytda, ya’ni soat 18 dan ertalab soat 6 gacha to’g’ri keladi. Buzoq olishni ko’paytirish uchun mutaxassis sigirlarni kuyga kelishini kunda 2-3 marotaba ko’zdan kechirishi maqsadga muvofiqdir. Agar sigirlarning kuyga kelish holati kunda 1 marta kuzatilsa unda 40 %gacha sigirlarni kuyga kelish holati yo’q bo’ladi, demak yil yakunida har 100 bosh sigirdan 8-10 bosh buzoq olinmasligi qayd qilinadi.
Har 100 bosh sigirdan 90-95 tadan buzoq olish mumkinligi tajribalarda aniqlangan, agar 1 yilda sigirlarning 15-20 %i 2 marta tuqqanda. Buning uchun yanvar-fevral oylarida tuqqan sigirlar mart oyining 15-20 sanalarida urug’lantirilishi kerak bo’ladi.
Fan va ilg’or fermerlarning ish tajribalari shuni ko’rsatmoqdaki, yuqori mehnat unumdorligiga ishlab chiqarishdan oqilona va unumli foydalanish, shu soha mutaxasislarining puxta hayotiy tajribalariga hamda fan yutuqlariga amal qilgandagina erishish mumkin.
Respublikamizning bir qator chorvachilik fermer xo’jaliklarida qoramollar o’rtasida nasl olishning talabga javob bermasligi ancha xavf tug’dirmoqda. Ko’pgina chorvachilik fermer xo’jaliklarida har yili 25-40 % sigirlardan va 35-45 % qochirish yoshidagi tanalardan buzoq olinmayapti. Shu bilan bir qatorda viloyatlar miqyosida podani qayta to’ldirish bo’yicha olingan ma’lumotlarga qaraganda yillar davomida har 100 bosh ona hayvondan buzoq olish soni oshmagan aksincha kamaygan. Bu esa xo’jaliklar va tumanlarda buzoq olish samaradorligi past darajada ekanligidan dalolat beradi. Ammo zooveterinariya xizmati to’g’ri yo’lga qo’yilgan xo’jaliklarda bola olish oshganligi ma’lum bo’ldi.
Mollar mahsuldorligini oshirish chorvadorlardan chorva fermalaridagi ishlarni to’g’ri tashkil etish, shuningdek, g’unajinlarni parvarishlash va asrash usullarini, sigirlarni tug’ishga tayyorlash va buzoqlarni o’stirishni to’g’ri yo’lga qo’yishni talab etadi. Yosh buzoqlarni boqish va o’stirishni, sigirlardan ko’p sut sog’ib olishni, oziqlantirish texnologiyasini, qochirish va ko’paytirishni, ularni kuyikishi, bo’g’ozlik davri, qisir qolish sabablarini puxta bilmay turib unumdorlikka erishib bo’lmaydi. Ana shu umumiy jarayonlar to’la-to’kis bajarilsa, sigirlar tuqqandan so’ng ularning qayta kuyga kelish muddati qisqaradi. Bu chorvachilik mahsulotlari mo’l-ko’lligining asosi bo’lgan buzoq olishni ko’payishiga olib keladi.
Xulosa qilib shuni aytamizki, hayvonlarni qochirishga tayyorgarlikni bug’ozlik davrida, sutdan chiqqan vaqtidan boshlashni tavsiya etamiz. Yuqorida keltirilgan tavsiyalar natijasida sigirlar tuqqandan so’ng tezda kuyga kelib otalanishi, sun’iy omillar natijasida emas balki tabiiy omillar: ya’ni quyoshda sayr qildirish, ozuqa rasionini buqa bilan saqlash natijasida erishish mumkin. Sigirlar organizmida kechadigan har qanday jarayon jinsiy organlariga ta’sir ko’rsatadi, bular umumiy modda almashinuvi, yayratish davrining qanchaligi, molxonadagi mikroiqlim qay darajadaligi, sigirlarni bo’g’ozligi, tug’ish va tug’ishdan keyingi davrlari me’yorda o’tishini ta’minlaydi.
O.U.Qo’ldoshev, M.T.Isayev,
Veterinariya ilmiy-tadqiqot institut
