«GOVMISH» SIGIRLAR MUAMMOLARI

Dunyoda sersut sog’in sigirlar yiliga 550 mln. tonnaga yaqin sut beradi. Eng ko’p sut Yevropada ishlab chiqariladi. Buyuk Britaniyaning o’zida 2,8 mln. sigir bor. Bashorat qilishlaricha, 2020 yilgacha Janubiy Osiyo sut ishlab chiqarish bo’yicha Yevropani ortda qoldiradi.
Sog’in sigirlar intensiv industrial metodlarni qo’llagan holda asralib, bunda sut ajratishni saqlash uchun har yili buzoqlar tug’ilishi nazarda tutiladi. Sigirlar bo’g’ozligi va laktasiya yiliga 9 va 10 oy davom etadi. Tug’ruqqa qadar 2 oy qolganda laktasiya to’xtatiladi. Tug’ruqdan uch oy o’tgach, sigir yana bo’g’oz bo’ladi. Bunga ko’pincha sun’iy urug’lantirish yordamida erishiladi va shu tariqa sikl takrorlanadi. Aksariyat hollarda sigirlar 2-4 marta bolalagach, juda oriqlab ketadi, oqibatda sog’lig’i bilan bog’liq jiddiy muammolarga duch keladi, mahsuldor bo’lmay qoladi, natijada esa so’yish uchun topshiriladi. Go’shtning bunday past navlaridan asosan burgerlar ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Buzoqlar sigirlardan 1-3 kunlik yoshda ajratiladi, lekin ular bundan keyin yana uzoq vaqt onalariga ehtiyoj sezadi. Ko’plab fermerlar go’sht uchun boqishni xohlamaganligi sababli buqachalarni tug’ilgandan so’ng bir necha kun o’tgach so’yishadi.
Buqalarni parvarishlashda ko’pincha quyidagicha tizim qo’llaniladi: hayvonlarga “maxsus” ozuqa berilgan holda tor kataklarda saqlanadi, “maxsus” buzoq go’shti tayyorlanadi (Buyuk Britaniyada bu tizim CIWF tashkilotining maxsus kampaniyasi bilan 1990 yilda taqiqlangan).
Genetiklar hissasi tufayli hozirgi sigirlar buzoqqa kerakli bo’lgan miqdordan ko’ra o’n martalar ko’proq sut bera oladi. Masalan, Buyuk Britaniyada kuniga 30-35 l. Bunday ulkan miqdor sog’liq bilan bog’liq muammolarni keltirib chiqarishi tabiiy: yelin hajman shu qadar kattalashadiki, o’z-o’zidan me’yorida qadam tashlashga imkon bermay qo’yadi, kelgusida ushbu omil oqsash va orqa bilan bog’liq muammolarga sabab bo’ladi.
Oqsoqlik. Sersut sigirlar bo’yicha yetakchi mutaxassislardan biri professor Jon Vebster ta’kidlashicha, oqsoqlik govmish sigirlar uchun o’ta jiddiy muammo hisoblanadi. Liverpul universiteti olimlari 32 ta ferma faoliyatini tadqiq qilishib, qilingan ishlar bo’yicha hisobot tayyorlashdi. Unda yil davomida 100 ta sigirdan 54 tasida oqsoqlik qayd qilinganligi ham e’tiborga molik.
Oqsoqlikni keltirib chiqaruvchi ko’plab omillar mavjud. Masalan, qishda sigirlar og’ilxonalarda saqlanadi. Golshtin zotli sigirlar uchun ular torlik qildi, shuning uchun hayvonlarning orqa tuyoqlari doimo o’ta nam bo’lgan go’ng tozalash uchun mo’ljallangan joyda turadi. Ko’plab og’ilxonalar sement polli ixtisoslashtirilmagan dam olish joyiga ega bo’ladi. Yana bir muhim jihat shuki, sigirlar o’zini yaylovda yaxshiroq his qiladi. U yerda ular xotirjam yotishi mumkin, og’ilxonada boqish esa ularni uzoq vaqt tik turishga majbur qiladi, bu esa oqsoqlikka sabab bo’ladi. Shuningdek, silosning haddan tashqari ko’p berilishi kattaqorin ichidagi narsalar achishiga olib keladi va tayanch-harakatlanish apparati bilan bog’liq muammolar yuzaga kelishiga zamin yaratadi.
Mastit. Buyuk Britaniyadagi sog’in sigirlarning uchdan bir qismidan ko’prog’ida har yili mastit bilan kasallanish qayd qilinadi. Savol tug’iladi: uch laktasiya davomida qancha sigir mastit bilan kasallanmagan? (Shu sabab mastit fermerlar uchun jiddiy iqtisodiy muammo ekanligini e’tirof etish joiz). Hayvonlar ushbu kasallikni juda og’ir o’tkazadi. Masalan, sog’ish apparatini yelinning kasallangan qismiga ulash kuchli og’riqlarni yuzaga keltiradi. Buning oldini olish uchun sanitariya va veterinariya gigiyenasi qoidalariga rioya qilish, binolarni loyihalashda ushbu omilni ham hisobga olgan holda ish yuritish lozim. Shuni ham qayd qilish kerakki, sog’ish apparatlarining mukammal emasligi mastit paydo bo’lishidagi sabablardan biri bo’lishi mumkin.
Ketozlar. Sersut sigirlarni muntazam yoki hollarda to’satdan oqsil va yog’larga boy ozuqalar (konsentrasiyalangan ozuqalar) bilan oziqlantirish sigirlar asetonemisining eng ehtimoliy sabablaridan biri sanaladi. Uzoq vaqt og’ilxonada saqlash, mosion mavjud emasligi va boshqalar ham bunga o’ziga yarasha ta’sir ko’rsatadi. Sigirlar oshqozon-ichak trakti buzilishidan, yurak xastaliklari, asab hodisalari, mushak kuchsizligi, oqsoqlik kabilardan aziyat chekadi. Bular aksariyat hollarda o’lim bilan tugaydi.
Kalsiy yetishmasligi. Noto’g’ri oziqlantirish, mosion mavjud emasligi oqibatida ko’pincha sog’in sigirlar kalsiy yetishmasligidan aziyat chekadi. Ushbu kasallikka yuqori mahsuldor govmish hayvonlar moyilroq bo’lib, go’sht yo’nalishidagi qoramollarda kamdan-kam kuzatiladi. Mazkur kasallik mushak nimjonligi, ishtahaning yomonlashuvi, suyaklar yumshashi kabilarga sabab bo’ladi, kuchli darajada oriqlash tufayli o’lim sodir bo’ladi. Angliyalik olim Vebster ko’plab xo’jaliklarda 5-8% hayvonlarda gipokalsiyemiya kasalligi kuzatilishiga ishora qiladi, bu esa yiliga minglab hayvon deganidir. Binobarin, seleksionerlar yuqori mahsuldor zotlar seleksiyasida ushbu dalilni inkor qilayotgan bo’lib chiqadi.
Yaylov tetaniyasi. Magniy yetishmasligi oqibatida paydo bo’ladi. Tomir tortishishi, xomushlik, mushak nimjonlashishi bilan birga kuzatiladi. Ozuqada kalsiy va magniy yetishmasligi, keskin ravishda yaylovda boqish davriga o’tkazish oqibatida paydo bo’ladi. Vebster qayd qilishicha, ushbu kasallikda sigirlar organizmidagi magniy miqdori darajasini nazorat qilish uchun fiziologik mexanizmga ega bo’lmaydi. Bunda ushbu mexanizm yashab qolish uchun zarur bo’lmagan, deb taxmin qilinadi (Webster, 1987). Boshqa kasalliklardan tuyoq kasalliklari ancha keng tarqalgan.
Barcha sigirlarning qariyb to’rtdan biri ushbu kasallikdan aziyat chekadi. Vebster qayd qilishicha, kushxona inspeksiyasi deyarli har bir hayvon mazkur kasallikka chalinganini ko’rsatadi. U tomonidan tuyoq kasalliklari hozirgi sut qoramolchiligidagi eng yirik muammolardan biri sifatida e’tirof etilishi ham bejiz emas (Webster, 1987). Ushbu kasalliklarning sabablari esa ko’pincha noto’g’ri oziqlantirish va saqlash hisoblanadi. Sun’iy urug’lantirishga ham alohida to’xtalib o’tish lozim. Puxta o’ylab amalga oshirilmagan sun’iy urug’lantirish ko’p hollarda turli ginekologik muammolar paydo bo’lishiga olib keladi. Xususan, sigirlarning individual xususiyatlari (masalan, tos suyagining kichikligi yoki torligi) hisobga olinmay o’tkazilganda tug’ruq jarayoni juda qiyin kechishiga sabab bo’ladi, keyinchalik esa yo’ldosh tutilishi va bachadon yallig’lanishiga olib keladi. Kuyga kelishini tezlashtirish uchun gormonal preparatlar qo’llanilishi ham ginekologik kasalliklarga sabab bo’ladi.
Hozirgi sigirlar maksimal miqdorda sut ishlab chiqarish uchun seleksiya qilingan. Bu esa yelin hajmi kattalashishini keltirib chiqarib, ko’pincha tuyoq kasalliklari va mastit paydo bo’lishida o’ziga xos omilga aylanmoqda. Noto’g’ri oziqlantirish, nomaqbul saqlash sharoiti o’zgartirilishi lozim. Sun’iy urug’lantirish va gormonal preparatlarni qo’llashdan oldin oqibatlari haqida ham puxta o’ylab olish zarur. Sigirlarni saqlashda ularning instinktiv xatti-harakat ehtiyojlarini inobatga olish talab qilinadi: hayvonlarning hayoti uchun maqbul sharoitni ta’minlash lozim.
