QORAMOLLARNI NODULYAR DERMATITI

Qoramollarning nodulyar dermatiti – kontagiozli chegara bilmas virus kasalligi bo’lib, davomli isitma, nekrozlanuvchi o’choqli teri bo’rtmalari (g’adir-budur shish), tarqalgan limfadenit, ko’z, nafas olish va ovqat hazm qilish a’zolari shilliq pardalarining jarohatlanishi bilan xarakterlanadi. Bu kasallik bilan, ba’zan, qo’y, echki va buyvollar ham kasallanishi mumkin [1; 2; 3].
Jahonda qoramollarning nodulyar dermatiti bo’yicha epizootik holatning biroz murakkablashganligi, tarqalish areali mamlakatimizning chegara hududlariga yaqin bo’lganligi va xavf solish mumkinligi ushbu kasallik haqida ma’lumot berishni taqozo qilmoqda. Tarqalishi. Qoramollarning nodulyar dermatiti (ND) Markaziy va Janubiy Afrika mamlakatlari, Madagaskar, Hindiston mamlakatlarida qayd etilgan. Keyinchalik Yaqin Sharq mamlakatlarida, 2014-2016 yillar mobaynida qoramollarning ND Turkiya, Ozarbayjon, Livan, Iroq, Eron, Misr, Kipr, Rossiya Federasiyasi, Dog’iston, Checheniston Respublikalari, Armaniston, Gresiya, Bolgariya, Makedoniya, Serbiya, Chernogoriya, Albaniya, Qozog’iston davlatlari hududlarida qayd etildi [1; 3; 4].
Iqtisodiy zarari. Iqtisodiy zarar sigirlarda sut mahsuldor-ligining keskin kamayishidan, sut, teri mahsulotlari sifatining va tirik vaznning pasayishi, o’lik homila tashlash, bepushtlik, ba’zan, shartli patogen mikroflora ta’siri natijasida hayvonning nobud bo’lishi, davolash va veterinariya-sanitariya tadbirlarini o’tkazish xarajatlaridan kelib chiqadi.
Etiologiyasi. Kasallik qo’zg’atuvchisi Poxviridaye oilasi Capripoxvirus avlodiga mansub DNK- saqlovchi virus bo’lib, qo’y-echkilar chechagi virusiga antigenlik jihatidan yaqin.
Bu virus bilan yirik shoxli hayvonlar, qo’y, echki, quyon, dengiz cho’chqalari kasallanadi. Kasal hayvonlarda ND virusi teri bo’rtmalarida, mushaklar, shilliq pardalar, qon, so’lak, urug’da bo’ladi va 11-12 kun saqlanadi. Uni ajratishda 5-7 kunlik tovuq embrioni ishlatiladi.
Virus tashqi muhitning fizikaviy va kimyoviy ta’sirlarga nisbatan chidamli. Virus kasallangan hayvonlar terisi bo’rtmasining qora qo’tirida qorong’i joyda sovuqda (+40S) 6 oygacha faol saqlanishi mumkin [1;4;5]. Virus +550S da 2 soatda, +650S da 30 daqiqada faolsizlanadi, 1% li formalin, 2% li fenol, 2-3% li gipoxlorid natriy eritmalariga sezgir.
Nodulyar dermatitga zoti, jinsi, yoshidan qat’iy nazar qoramollar, ayniqsa Yevropa zotlariga mansub sog’in sigirlar va buyvollar moyil. Qo’y-echkilarning kasallanishi haqida ham ma’lumotlar mavjud. Jirafa va antilopalar ND virusi bilan eksperimental zararlantirishga o’ta sezgir. Kasallik odatda epizootiya holida namoyon bo’ladi.
Infeksiya qo’zg’atuvchisi manbai bo’lib, kasal va kasallik latent kechayotgan hayvonlar hisoblanadi. Virus inkubasiya davrida va hayvonning kasallik davrida jarohatlangan teri sohalaridan, so’lak, urug’, sut, ko’z va burundan ajratilgan suyuqliklar orqali ajraladi.
Virusning bir hayvondan ikkinchisiga o’tish yo’llari kam o’rganilgan. U asosan transmissiv yo’l – mexanik tashuvchanlikka gumon qilinayotgan hasharotlar orqali uzatiladi degan ma’lumotlar mavjud. Chunki, kasallik ayniqsa, issiq va namli mavsumda, nam, balchiqli hududlarda ko’proq uchraydi. Ammo hozirgacha virus tashuvchilar doirasi aniqlanmagan. Qon so’ruvchi hasharotlardan (pashsha, eshakqurt, kanalar) virusni ajratib olishga qaratilgan bir nechta tadqiqotlar natijasiz yakunlangan. Ayrim olimlar virus parrandalar orqali mexanik tarqaladi deb hisoblashadi. Kasallik to’satdan, bir vaqtning o’zida bir-biridan uzoqda joylashgan manzillarda paydo bo’lib juda tez tarqaladi.
Uzatish omillari sifatida sut, urug’, ozuqa, suv, transport va boshqa tashqi muhit obyektlari hisoblanadi. Virus kasal va sog’lom hayvonlarning bevosita kontakti, jinsiy yo’l, buzoqlarda esa sut orqali yuqishi mumkin.
Kasallanish darajasi organizmning zot xususiyatlari va rezistentligiga bog’liq holda 5-45% ni tashkil etadi. Yirik shoxli hayvonlar ND da o’lim darajasi 10-45% gacha bo’lishi mumkin, lekin ko’pincha 1-5% ni tashkil etadi. Kasallikdan tabiiy sharoitda sog’ayish 90% gacha bo’lishi mumkin. Kasallik, asosan 4 haftagacha davom etadi, asoratli kechsa yoki sekundar infeksiyalar tufayli bu muddat cho’zilishi mumkin.
Kechishi va klinik belgilari. Kasallikning inkubasion davri 3-30 kun, tabiiy sharoitda inkubasion davri 2-4 hafta, eksperimental sharoitda 7-8 kunni tashkil etadi [3; 5 ; 6]. Odatda virus suspenziyasi teri osti va teri orasiga yuqtirilganda qoramollarda 4-7 kundan so’ng zararlantirish joyida yallig’lanish jarayoni boshlanib, epiderma, derma va yaqin joylashgan mushaklarga tarqaladi. Paydo bo’lgan bo’rtmalarda ekssudat to’planadi, keyinchalik nekroz rivojlanadi. Terining jarohatlangan sohalari og’riqli bo’ladi. Bu jarayonlarning kuchayishi hayvon zararlangandan 7-19 kun o’tgach ro’y beradi va isitma kuzatiladi. Tana harorati oshgandan va bo’rtmalarning ommaviy paydo bo’lganidan 3-4 kun o’tgach, qonda virusni aniqlash mumkin bo’ladi. Qon bilan virus 1-2 hafta davomida hayvon organizmi bo’ylab tarqaladi, og’iz bo’shlig’i, burun, ko’z, qin, prepusiya shilliq pardalari, so’lak va sut bezlari, urug’don va boshqa a’zolar to’qimalariga kirib boradi va ularda nekrozli yallig’lanishni keltirib chiqaradi.
Kasallikning o’tkir kechishida tana haroratining +400S gacha oshishi va 4-14 kun mobaynida shu zaylda saqlanishi, ishtahaning pasayishi, ko’zdan suyuqlik oqishi, burun va og’izdan shilliqli yoki yiringli suyuqlik oqishi, 48 soatdan so’ng o’choqli teri qoplamida bo’rtmalarning hosil bo’lishi kuzatiladi. Bu bo’rtmalar teri yuzasidan sal ko’tarilgan, dumaloq, aniq chegaralangan, 0,2-7,0 sm kattalikda bo’lib kasallikning kechishiga bog’liq holda miqdori bir nechtadan bir necha yuztagacha bo’lishi mumkin. Ular butun tana bo’ylab joylashadi, asosan, son, qo’ltiq, ko’z atrofi, tumshuq, yelinda joylashadi (1-rasm).
1-rasm. Nodulyar dermatitda bo’rtmalarning teri qoplamida joylashishi.
Kasallik og’ir kechganda bo’rtmalar og’iz va burun shilliq pardalarida, qin labi sohalarda ham joylashishi mumkin. Nodulyar bo’rtmalar ko’z qovog’ida hosil bo’lishi natijasida ko’z pardasi loyqalashadi, hayvon butunlay yoki qisman ko’r bo’lib qoladi. Bo’rtmalar hosil bo’lgandan 1-3 haftadan keyin, ular ichidagi to’qima butunlay nekrozga uchrab sekvestrlar hosil bo’ladi. Keyinchalik bo’rtmalar yorilib ichidan yoqimsiz hidli cho’ziluvchan shilliq modda ajralib chiqadi ( 2-rasm).
2-rasm. Nodulyar dermatitda qoramol teri qoplamining jarohatlanishi
Shishlar yorilib tuzalgach, bo’rtmalar va ularning yallig’lanish belgilari yo’qoladi (4-6 hafta mobaynida). Ularning o’rnidagi jun tushadi. Bo’rtmalar ba’zan qattiqlashadi va bir yilgacha shu holda saqlanishi mumkin. Oxir-oqibat ular yo so’rilib ketadi yoki ko’pincha, nekrozga uchraydi, quruqlashgan qoraqo’tir hosil qilib quriydi, qoraqo’tir tagida granulyasion to’qima hosil bo’ladi. Bu jarohatlar tuzalish, chandiq hosil qilish jarayonida, ko’pincha, ikkilamchi turli mikroflora bilan ifloslanib asoratlar paydo bo’ladi. Limfa tugunlari, ayniqsa, kurak oldi va qo’ltiq tagi limfa tugunlari kattalashadi. Kasal hayvonlar tez oriqlaydi, mahsuldorligi pasayadi. Sog’in sigirlarda yelinlar jarohatlanishi tufayli sut quyuqlashadi, pushtirang tus oladi, tomchilab sog’iladi, qizdirilganda gelsimon holatga o’tadi.
Kasallik nafas olish, ovqat hazm qilish, ko’payish a’zolari va bo’g’imlarning jarohatlanishi bilan kechishiga muvofiq ravishda qiyinlashgan qorin tipida nafas olish, ko’p miqdorda so’lak ajralish, shilliqli yoki shilliqli-yiringli kon’yunktivit, ko’z pardasining loyqalashishi, limfa tugunlarining kattalashuvi kuzatilishi mumkin. Sigirlarda homila tashlash, mastitlar, nasl qoldirish funksiyasining buzilishi, ho’kizlarda esa vaqtinchalik impotensiya yoki butunlay bepushtlik yuzaga kelishi mumkin.
Buzoqlarda ND teri qoplamining vizual ko’rinadigan jarohatlarisiz kechishi mumkin. Bunda kasallik isitma, shilliq va qon aralash diareya bilan tavsiflanadi. Yarim o’tkir kechishda teri qoplamining sezilarli jarohatlanishi kuzatilmaydi. Kasallik qisqa muddatli isitma (2-5 kun), ishtaha yo’qolishi bilan kechadi. Kasallik klinik belgilarsiz ham kechishi mumkin, bu holatda kasallanish faqat qo’zg’atuvchi virus DNK-sini polimerazli zanjir reaksiyasida (PZR) aniqlash yoki virus neytrallovchi antitelolar mavjudligi bo’yicha aniqlanadi. Zararlangan podada klinik belgilarsiz kasallangan hayvonlar 50% gacha yetishi mumkin.
Patologoanatomik o’zgarishlar. Teri qoplamida aniq ko’rinuvchi bo’rtmalar mavjud, ular zararlangan mushaklar yuzasida, mushak tolalari orasida, burun yo’llari, tomoq, traxeya, o’pka, buyrak, shirdon, katta qorin shilliq pardalarida ham joylashishi mumkin. Teri va teri osti to’qimalari qizg’ish suyuqlik bilan to’yingan. Bo’rtmalar kesmada kulrang rangda va konsistensiyasi zich. Nekrozlashgan bo’rtmalarda kazeoz massa mavjud bo’lib, uning ostida yarachalar hosil bo’ladi. Limfa tugunlari kattalashgan, shishgan. Plevrada, taloqda, jigar, burun chanog’i, shirdon va ichaklar shilliq pardalarida qon quyilishlar kuzatiladi. Shirdonning tubida va pilorus qismida hamda o’pkada, ayrim hollarda yaralar topilishi mumkin. Ayrim hayvonlarda bo’g’imlar faoliyatining buzilishlari aniqlanadi.
Diagnoz. Klinik belgilar (teri qoplamidagi aniq chegaralangan bo’rtmalar, og’ir holatlarda bo’rtmalarning shilliq pardalarda joylashishi, jarohatlar sog’lom teridan aniq chegaralangan, yuza limfa tugunlari qamrab olingan), epizootologik ma’lumotlar tahliliga (kasallik birdaniga bir necha fermada to’satdan paydo bo’ladi, kasallangan hayvonlar miqdori tez ko’payib, ba’zan 70% gacha yetib boradi), patologoanatomik o’zgarishlarga asoslangan holda dastlabki diagnoz qo’yiladi. Yakuniy diagnoz laboratoriyaviy tekshirishlar asosida qo’yiladi. Virusni ajratish uchun patologik material sifatida bo’rtmalardan foydalaniladi, bo’rtma qoraqo’tirida virus nuklein kislotasi PZR da 3 oy davomida aniqlanishi mumkin. Virusni ajratish va identifikasiya qilishda hujayralar kulturasidan va neytrallash reaksiyasidan foydalaniladi.
Hozirgi vaqtda diagnostika qilish uchun molekulyar-genetik usullar qo’llaniladi. ND ning virusi yoki antigeni, genomi aniqlangan holatlarda yakuniy diagnoz qo’yilgan hisoblanadi. Bu maqsadda PZR, IFA va RSK (RDSK) kabi reaksiyalardan foydalaniladi.
Differensial diagnoz. Hayvonlar ND ni dermatofilyozdan (po’st bilan qoplangan va teri qoplamining yuza qavatlarida bo’rtib turuvchi papulalar hosil bo’lishi bilan tavsiflanuvchi terining surunkali jarohatlanishi); tuberkulyozning teri shaklidan (bo’rtmalar teri qoplami ostida bo’g’imlar va bo’yin limfa tugunlari bo’ylab joylashadi va uzoq muddat saqlanadi); hasharotlar chaqishiga teri reaksiyasidan (og’riqli jarohatlar yaxshi seziladi, yallig’lanish bo’rtiqchasi bilan chegaralanmagan, bo’rtmalar yumshoq va yoyilgan), oqsil, qo’ylarning blyutang, demodekoz, chechak, infeksion rinotraxeit, so’na lichinkasi jarohatlaridan farqlash lozim.
Davolash. Maxsus davolash usullari yaratilmagan. Simptomatik davolash qo’llaniladi. Kasal hayvonga oziqlantirish, saqlash bo’yicha yaxshi sharoitlar yaratiladi. Ularning teri qoplamlariga dorivor va dezinfeksion vositalar bilan ishlov beriladi. Sekundar infeksiyani va kasallik asoratlarini oldini olish maqsadida antibiotiklar, sulfanilamid preparatlar qo’llaniladi. Tabiiy sharoitda 90% hayvonlar sog’ayishi mumkin.
Ayrim olimlarning [7] tavsiyalari bo’yicha ushbu kasallikni davolashda “Biferon – B” biopreparatini qo’llash yaxshi samara beradi. FGBNU Butunrossiya qo’ychilik va echkichilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Belorus Davlat universiteti olimlari tomonidan birgalikda “NPS ProBioTex” (Belorus) korxonasida tayyorlangan yangi avlod veterinariya preparati yordamida hayvonlar nodulyar dermatitini samarali davolash va nomaxsus profilaktika qilish bo’yicha sxemalar ishlab chiqilgan. Bu sxemalarda “Biferon – B”, “Gentabiferon – B”, “Enrofloksavetferon – B” preparatlari qo’llaniladi. Ular kompleks ta’sir etuvchi, ko’p funksiyali, vidospesifik ta’sir etish xususiyatlariga ega .
“Biferon – B” preparati – ta’sir etuvchi moddasi turg’un dori shaklidagi ho’kizning alfa-2 va gamma- rekombinant interferonlarining aralashmasidan iborat bo’lib, biopreparatning prolongirlangan ta’sirini va viruslarga qarshi kuchli samarasini ta’minlaydi. Biopreparat qo’llanilish vaqtida va qo’llanilgandan so’ng go’sht va sut mahsulotlari hyech bir cheklovlarsiz iste’mol uchun ishlatilishi mumkin.
“Gentabiferon – B” – “Biferon-B” prepartining barcha xususiyatlariga ega, qo’shimcha ravishda bakteriyalarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida gentamisin qo’shilgan. “Gentabiferon – B” tarkibidagi interferonlar antibiotikning immunodepressor ta’sirini bartaraf qiladi. Biopreparat qo’llanilgach, hayvon go’shtini 14 kun, sutini 4 kundan so’ng iste’mol qilish mumkin.
“Enrofloksavetferon – B” tarkibida enrofloksasin mavjud va u bakteriyalarga qarshi keng doirada ta’sir etadi. Ho’kizning rekombinant alfa-interferoni hayvonlar uchun yorqin immunostimulyator sifatida ta’sir etadi, enrofloksasin ta’sirini va qon zardobining lizosim va bakterisid ta’sirini kuchaytiradi, organizmning nomaxsus rezistentligini oshiradi. Interferonlar enrofloksasinning immunodepressor ta’sirini bartaraf qiladi.
Maxsus profilaktika. Kasallanib tuzalgan hayvonlar ND bilan qaytadan kasallanmaydi [1]. Ayrim olimlarning bergan ma’lumotlariga ko’ra, kasallanib tuzalgach hayvonlarda immunitet 11 oy davom etadi [2; 7].
Faol maxsus profilaktika uchun Neethling shtammidan gomologik tirik attenuasiyalangan virus vaksina va qo’y-echkilardan ajratilgan kapripoksviruslar shtammlaridan olingan geterologik tirik attenuasiyalangan virus vaksinadan foydalaniladi. Vaksina sifatida ishlatiladigan kapripoksviruslarning barcha shtammlari inyeksiya joyida kuchli mahalliy reaksiya chaqirishi mumkin. Nodulyar dermatit virus vaksinasi bilan emlash dozasi 2,5 lg50/cm3, qo’y-echkilar chechagi virusidan tayyorlangan vaksina bilan emlash dozasi 5 lg50/cm3 tashkil etadi .
Maxsus profilaktika uchun dastlabki rejali vaksinasiya 3 oylik yosh hayvonlarga qilinadi. Revaksinasiya 12 oydan so’ng o’tkaziladi. Nosog’lom punktlarda va xavfli hududdagi xo’jaliklarda avval qilingan immunizasiya muddatidan qat’iy nazar barcha sog’lom hayvonlar vaksinasiya qilinadi. 6 oylikkacha bo’lgan yosh hayvonlar 14 kun oraliq bilan 2 marta emlanadi.
Oldini olish va qarshi kurashish choralari. O’zbekistonda ND yo’q va bo’lmagan. Ammo, yuqorida ta’kidlangandek Osiyo, Yevropa, Afrika qit’alarining ayrim mamlakatlarida ushbu kasallik mavjud, shuning uchun kasallikning kirib kelish xavfi saqlanmoqda. Moyil hayvonlarni himoya etishning yo’li bu xavfli chegara hududini, chegaradan o’tadigan qoramollarni va ularning mahsulotlarini qattiq nazorat etish, gumon tug’ilsa, darrov axborot berish, kelgan yangi hayvonlarni profilaktik karantin davrida klinik, laboratoriyaviy tekshirish talab etiladi. Asosiy e’tibor xorijiy mamlakatlardan ushbu kasallik qo’zg’atuvchisining kirib kelishiga yo’l qo’ymaslikka qaratilishi lozim. Mamlakatga keltiriladigan qoramollar, ularning go’sht, sut mahsulotlari va urug’ ND bo’yicha sog’lom bo’lgan davlatlardan xarid qilinishi lozim. Qoramollar 30 kunlik profilaktik karantin davomida ND ga tekshirilishi va faqat sog’lom hayvonlar fermaga kiritilishi kerak. Xorijiy davlatlar bilan chegara hududlarda qoramol va qo’y-echkilarni boqish maqsadga muvofiq emas.
Fermalarni yopiq korxona shaklida tashkil qilish, binolarga kirishda dezogilamlar orqali kirishni tashkil etish, hayvonlarni to’yimli ozuqalar bilan boqish, ularni zoogigiyenik me’yorlar asosida joylashtirish, o’z vaqtida kasallarni ajratib, alohida saqlash va davolash, ferma hududini ozoda saqlash, reja asosida ferma hududida dezinfeksiya, dezinseksiya tadbirlarini o’tkazish ushbu kasallikni oldini olishga yordam beradi.
Ushbu kasallik qoramollar orasida klinik, patologoanatomik va laboratoriyaviy usullarning biri bilan aniqlansa, veterinariya Qonuni doirasida tuman (shahar) bosh veterinariya noziri dalolatnomasi asosida hokim qarori bilan ferma yoki aholi punkti nosog’lom deb e’lon qilinadi va unga ekzotik kasal sifatida karantin qo’yiladi. Nosog’lom punktda barcha karantin tadbirlarini bajarish va kasallikni tarqalmaslik choralari ko’riladi. Fermaga barcha tur hayvonlarni, daxlsiz kishilarni kirishi, chiqishi, hayvonlar guruhlarini aralashtirish man etiladi.
Qoramollar orasida ND birinchi marta uchraganda epizootologik o’choqda kasal va ular bilan bevosita kontaktda bo’lgan hayvonlar alohida ajratiladi, ular qonsiz usul bilan o’ldirilib, o’limtiklar yo’q qilinadi. Kasallanib o’lgan hayvonlar, yemay qolgan ozuqa va to’shamalar nosog’lom punkt hududida kuydiriladi. Epizootik o’choqdagi hayvonlardan olingan sut joyida 5 daqiqadan ortiq muddat qaynatish yoki +850S haroratda 30 daqiqa pasterizasiya qilingandan so’ng cheklovsiz realizasiya qilinadi.
Epizootik o’choqda har haftada kasal hayvonlar turgan binolar va yayrash maydonchalari, go’ngi bilan birgalikda transport vositalari dezinfeksiya, dezinseksiya qilinadi. Ferma xodimlarining maxsus kiyim va rezina poyafzallari maxsus kamerada formaldegid bug’lari bilan zararsizlantiriladi.
Xavfli hudud (3 km) chegarasi belgilanadi va u yerlarda ham kasallik tarqalishining oldini olish bo’yicha dezinfeksiya, dezinseksiya va shartli sog’lom hayvonlarni vaksinasiya qilish tadbirlari amalga oshiriladi. Karantin bekor qilinguncha har kuni mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha chorvachilik xo’jaliklarida moyil hayvonlar klinik ko’rikdan o’tkaziladi. Kuzatish hududida (10 km) har kuni qoramollar klinik ko’rikdan o’tkaziladi va ular har haftada dezinseksiya qilinadi.
Qoramollar ND bo’yicha nosog’lom fermadan (aholi punkti) oxirgi kasal yoki kasallikka gumon qilingan hayvon o’lgandan yoki yo’qotilgandan 30 kundan so’ng, amaldagi qoidalarda ko’rsatilgan barcha tadbirlar o’tkazilgach, ularning to’liq va sifatli ekanligi haqida komissiya xulosasi taqdim etilgach, karantin bekor qilinadi.
Karantin bekor qilingach 1 yilga cheklov qo’yiladi va shu muddatda qoramollarni go’shtga topshirishdan tashqari, nosog’lom punkt hududidan chiqarish va realizasiya qilish taqiqlanadi.
X.S.Salimov, S.X.Abdalimov,
R.A.Ismatova VITI
